Toshkentda “Ona uyi” ijtimoiy markazi ochiladi

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya Milliy agentligi tashabbusi bilan Qozogʻistonning “Ana Yyі” jamoat fondi hamkorligida Toshkentda “Ona uyi” ijtimoiy markazi ochiladi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya Milliy agentligi va “Ana Yyі” ijtimoiy loyihasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida Memorandum imzolandi.

    Hamkorlikning maqsadi qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ijtimoiy va ikkilamchi yetimlikning oldini olishdagi tajriba va metodologik koʻnikmalar almashishga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan iborat.

    Birinchi “Ona Uyi” ijtimoiy markazi 8-10 nafar yosh bolali ayolni qabul qilishi mumkin. Ikkinchi bosqichda Ona uyi natijalari asosida hamda Oʻzbekistonning maʼlum bir mintaqasi ehtiyojlariga qarab loyihani mamlakat boʻylab kengaytirish belgilangan.

    Ona Uyi markazi qiyin ijtimoiy vaziyat va turli salbiy holatlarda onalarga bolalarini oʻzlari tarbiyalash imkoniyatini berish orqali yordam beradi. Bu yerda ularga maʼnaviy, psixologik va moddiy yordam koʻrsatiladi hamda ushbu yordam barcha zarur narsalar, xususan, uy-joy, oziq-ovqat, kiyim-kechak, shuningdek, ayol va bola uchun tibbiy yordamni oʻz ichiga oladi.

    Shu bilan birgalikda, Ona Uyi loyihasi doirasida markazda yashovchi onalarni kasbiy tayyorlash dasturi amalga oshiriladi. Kelgusida Ona uylarida tikuvchilik ustaxonalarini ochish, onalarga turli mutaxassisliklar boʻyicha taʼlim berish rejalashtirilgan.

    Natijada, Ona Uyi markazida boʻlgan vaqt davomida ayollar ijtimoiylashishi, professional kasbga ega boʻlishi hamda oʻzlari va farzandlarini taʼminlash maqsadida kelajak uchun mablagʻ topishlari mumkin.