Toshkentda oʻquvchi akasining mashinasida YTH sodir etib, sinfdoshining oʻlimiga sabab boʻldi

    Toshkent shahrida 17 yoshli maktab oʻquvchisi akasining avtomobilini ruxsatsiz olib chiqib, yoʻl-transport hodisasi sodir etdi.

    Avariya oqibatida mashina salonida boʻlgan sinfdoshi halok boʻldi. Bu haqda “Milliy” telekanali maʼlum qildi.

    Hodisa 2025-yil 25-mart kuni, Ramazon hayiti paytida ertalabga yaqin sodir boʻlgan. Oʻquvchi akasining Tracker avtomobilini olib, soatiga 137 km tezlikda haydagan. Yoʻlda boshqaruvni yoʻqotgan u ikkita mashina va ustunga borib urilgan. Urilish oqibatida sinfdoshi salondan uchib ketib, voqea joyida vafot etgan.

    Sud jarayonida ayblanuvchi quyidagicha koʻrsatma berdi:

    “Doʻstlarim chaqirganidan keyin akamning mashinasi kalitini oldim. Avtomobillarga qiziqardim. Bunday holat boshqa takrorlanmaydi. Qilgan ishimdan qattiq afsusdaman.”

    Sud 17 yoshli yigitni Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport harakati xavfsizligi qoidalarini buzish natijasida inson oʻlimiga sabab boʻlish) boʻyicha aybdor deb topdi. Unga 4-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Keyinchalik sud jazoni qayta koʻrib chiqib, 3-yillik shartli ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgiladi.