Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasida chempionatga tayyorgarlikning borishi, Xalqaro dzyudo federatsiyasi talabidan kelib chiqqan holda musobaqalar jarayonida ommaviy axborot vositalari xodimlarining faoliyatini muvofiqlashtirishga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.

Qayd etilganidek, bugungacha 72 ta mamlakat terma jamoalari Toshkentda oʻtadigan jahon chempionatida ishtirok etish talabnomalarini taqdim etgan boʻlsa, yana 70 ta davlat terma jamoalari talabnomalarni taqdim etish boʻyicha terma jamoalarining soʻnggi roʻyxatini shakllantirmoqda.

Erkaklar va ayollar jamoalarimizning xorij yigʻini yakunlangach, dzyudochilarimizning holatiga qarab musobaqada kurashadigan toʻliq tarkib rasman eʼlon qilinadi.

Jahon chempionati tafsilot va jarayonlarini dunyo dzyudo ixlosmandlariga yetkazish, uning betakror bellashuvlarini foto va video tasmalarga muhrlash uchun 70 dan ziyod xorijiy axborot vositalari Xalqaro dzyudo federatsiyasi tomonidan akkreditatsiyadan oʻtgan.

Chempionat doirasida Xalqaro dzyudo federatsiyasining navbatdagi ijroiya qoʻmitasi yigʻilishi ham Toshkentda oʻtadi, unda dzyudoning xalqaro rivoji borasida bir qator qarorlar qabul qilinishi kutilyapti.