Janubiy Koreyaning yetakchi nashrlaridan biri “The Korea Herald” gazetasining bosma nashri va rasmiy saytida Oʻzbekistonda ilk bor dunyo parlamentlari ayol rahbarlarining sammiti oʻtkazilishi haqida material eʼlon qilindi.
Gazeta joriy yil 8-9-sentyabr kunlari Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlarining 14-sammiti oʻtkazilishini maʼlum qilgan.
Bu haqdagi kelishuvga Venada tashkil etilgan 13-sammit chogʻida erishilgan. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva sammit ishtirokchilariga Oʻzbekistonda gender tengligi sohasidagi islohotlar toʻgʻrisida soʻzlab berdi.
Sammitdan koʻzlangan asosiy maqsad barqarorlik va farovonlikni samarali taʼminlash uchun gender tenglikni taʼminlash hamda xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha parlamentlar uchun ustuvor yoʻnalish va harakatlarni belgilab berishdan iboratdir.
Forumda parlamentlararo ittifoqqa aʼzo mamlakatlar parlamentlarining ayol rahbarlari, deputatlar va xalqaro tashkilotlardan ayol vakillar ishtirok etadi.
Sammit doirasida adolat, integratsiya va atrof-muhit muhofazasi, xotin-qizlaring reproduktiv salomatlik sohasidagi ehtiyojlari, pandemiyadan keyingi iqtisodiyotni tiklash, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini internetda himoya qilish va targʻib qilish va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilinadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.
Anjuman yakunida Toshkent deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.