Toshkentda Oʻzbekiston – Qirgʻiziston hukumatlararo qoʻshma komissiyaning oʻn birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Bugun, 3-may kuni Toshkent shahrida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha Oʻzbekiston – Qirgʻiziston hukumatlararo qoʻshma komissiyaning oʻn birinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Ikki mamlakat Bosh vazirlari boshchiligida oʻtgan yigʻilishda soʻnggi yillarda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalariga asoslangan koʻp qirrali hamkorlik hamda keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.

    Davlat Rahbarlari tomonidan hukumatlar oldiga yaqin yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish boʻyicha vazifa qoʻyilgan.

    Yigʻilishda mazkur topshiriq ijrosini bajarish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjudligi, buning uchun import oʻrnini bosuvchi eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha yaqindan hamkorlik qilish, birgalikda yangi loyihalar ishlab chiqishni davom ettirish, ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi aloqalarni kengaytirish lizimligi bildirildi.