Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi oʻrtasida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning 6-yigʻilishi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 15 Iyul 2021 904

    Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov hamda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud raisligida Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston – Pokiston hukumatlararo komissiyaning 6-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari rahbarlari ham ishtirok etdi.

    Tadbir davomida Oʻzbekiston – Pokiston savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va logistika, ilmiy-texnologik hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorligi va uni kengaytirish istiqbollari, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarning yangi yoʻnalishlari muhokama qilindi.

    Yigʻilishda tomonlar Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining Oʻzbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifining kun tartibini tashkiliy-texnik va mazmun jihatidan boyitish masalalarini ham muhokama qildilar.

    Tomonlar ikki tomonlama savdo va investitsiyaviy hamkorlik yoʻnalishidagi ulkan, ishga solinmagan salohiyatni taʼkidlab oʻtishdi. Yigʻilish davomida ikki mamlakatning aloqador vazirlik va idoralar rahbarlariga kelgusi yillarda qoʻshma loyihalar sonini va savdo aylanmasi hajmini oshirib borish boʻyicha zarur choralar koʻrishga doir koʻrsatmalar berildi.

    Qishloq xoʻjaligi va yengil sanoat, farmatsevtika, kimyo sanoati va boshqa sohalarda yangi qoʻshma loyihalarni ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.

    “Mozori-Sharif – Qobul – Peshavor” temir yoʻlini qurish loyihasi doirasida transport va logistika sohasidagi sheriklikni mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kuchaytirish zarurligi alohida taʼkidlandi. Shuningdek, tomonlar Pokistonning Karachi, Gvadar va Qosim dengiz portlarining mavjud salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish yoʻllarini muhokama qildilar. Transport va logistika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha bosqichma-bosqich “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish boʻyicha qoʻshma ishchi guruhini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. “Yoʻl xaritasi” amaliy chora-tadbirlar, hamkorlik mexanizmlari va har ikki tomondan vazirlik va idoralarning masʼul rahbarlari roʻyxatini oʻz ichiga oladi.

    Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi oʻrtasida turizm sohasida, shu jumladan “ziyorat” turizmi yoʻnalishida hamkorlikni rivojlantirish zarurligini taʼkidladilar. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi hamda Pokiston Islom Respublikasi hukumatining Hududlararo muvofiqlashtirish vazirligi oʻrtasida Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolanishini olqishladilar.

    Yigʻilish natijalari boʻyicha yakuniy bayonnoma imzolanib, unda tadbir davomida erishilgan asosiy kelishuvlar aks ettirildi va ikki davlat oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.