баннер
14 Apr 2025
00:19

    Toshkentda Oʻzbekiston va Gruziya Bosh vazirlarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi

    Shu yilning 5-mart kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Gruziya Bosh vaziri Irakli Kobaxidze boshchiligida ikki mamlakat hukumat delegatsiyalarining uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan doʻstona munosabatlar barcha sohalarda izchil rivojlanib bormoqda. Iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlik sezilarli darajada faollashyapti. Oʻzaro savdo hajmi ortib, qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar hamda hududlararo aloqalar kengaymoqda.

    Hukumatlar oldida ana shu sohalarda erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida bajarish hamda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish boʻyicha yangi takliflar ishlab chiqish asosiy vazifa sifatida turgani taʼkidlandi.

    Bunda asosiy eʼtiborni uch yoʻnalishga, yaʼni, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish, investitsiya va kooperatsiya loyihalari koʻlamini kengaytirish, transport-logistika tizimini yanada yaxshilashga qaratish lozimligi qayd etildi.

    Shundan kelib chiqib, uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmi va uning tarkibi mamlakatlarimiz salohiyatiga mos emasligi, Oʻzbekiston-Gruziya oʻrtasidagi Erkin savdo kelishuvi imkoniyatlarini toʻliq ishga solib, yaqin yillarda savdo hajmini 1 milliard dollarga yetkazish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjudligiga eʼtibor qaratildi.

    Bunday natijaga toʻqimachilik, poyabzal va charm, elektrotexnika, oziq-ovqat mahsulotlari, rangli va qora metallar, meva-sabzavot, kimyo mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqa tovarlar oldi-sotdisiga keng yoʻl ochish orqali erishish mumkinligi bildirildi.

    Hukumatlar delegatsiyalari uchrashuvida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy yoʻnalishlardan tashqari, qishloq xoʻjaligi, transport va logistika, taʼlim, turizm, madaniy-gumanitar sohalarida ham oʻzaro munosabatlarni yanada yaxshilash ikki davlat manfaatlariga birdek mos kelishi taʼkidlandi.

    Shuningdek, hududlararo hamkorlik oʻzaro munosabatlarning muhim omili boʻlishi mumkinligi, shu maʼnoda, Samarqand va Batumi, Buxoro va Msxeta shaharlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga salmoqli hissa qoʻshishiga ishonch bildirildi.

    Maʼlumot uchun, kunning birinchi yarmida Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasida iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Hukumatlararo komissiyaning oʻninchi yigʻilishi oʻtkazilib, uning doirasida Hukumatlararo komissiyaning oʻninchi yigʻilishi bayoni, Davlat xaridlari sohasida hamkorlik toʻgʻrisida anglashuv memorandumi, Qishloq xoʻjaligi sohasida hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” imzolandi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech