Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Tatariston Respublikasi Prezidenti R.Minnixanov, Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi O.Malginov, Toshkent viloyati hokimi D.Hidoyatov va boshqa rasmiylar ishtirok etdi. Jami forum ishida Tatariston va Oʻzbekistonning bir nechta hududlaridagi ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari qatnashdi.

Delegatsiyalar rahbarlari oʻz nutqlarida agrosanoat sohasi, oziq-ovqat, toʻqimachilik, elektrotexnika, kimyo, mashinasozlik tarmogʻi, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning ulkan salohiyatini qayd etdilar. Bozorbop hamda yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish va boshqa mamlakatlar bozorlariga olib chiqish maqsadida qoʻshma yuqori texnologiyali sanoat korxonalarini tashkil etish borasida Tatariston va Oʻzbekistonning turli hududlaridagi ishlab chiqaruvchilarining resurslari va texnologik imkoniyatlarini birlashtirishning keng istiqbollari qayd etildi. Soʻzlarining yakunida, tomonlar ishtirokchilarni Tatariston va Oʻzbekiston hududlaridagi tadbirkorlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligiga ishontirib, ularni faol hamkorlik qilishga hamda oʻzaro manfaatli loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishga chaqirdi.

Tadbir doirasida delegatsiyalar vakillari Tatariston ishlab chiqaruvchilarining sanoat koʻrgazmasiga tashrif buyurib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalar va tadbirkorlarning hamkorlikni yana-da kengaytirish rejalari bilan tanishdi. Koʻrgazmaning oʻzida Oʻzbekiston hududlarining tegishli hokimiyat organlari va Tataristonning vazirlik va idoralari rahbarlariga qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishda biznes vakillariga har tomonlama yordam yordam berish boʻyicha aniq amaliy choralar koʻrish topshirildi.

Turli tarmoqlarning investitsiyaviy va savdo imkoniyatlari taqdimotlari hamda Rossiya bozoridagi yetakchilari hisoblangan Tataristonning yirik korxonalari va Oʻzbekistonning Toshkent shahri va viloyati tadbirkorlari oʻrtasida “B2B” formatidagi manzilli uchrashuvlar ham tashkil etildi.

Forum yakunlari boʻyicha Toshkent viloyati va Toshkent shahri hokimliklari hamda Tatariston Respublikasi hukumati oʻrtasida 2021-2022-yillarga moʻljallangan hamkorlikni kengaytirish boʻyicha “Yoʻl xaritalari” imzolandi. Mazkur hujjatlarga savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, shaharsozlik, munitsipal boshqaruv, transport, uy-joy kommunal xoʻjaligi, obodonlashtirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash sohalarida tajriba almashish boʻyicha aniq chora-tadbirlar hamda aniq investitsiya loyihalarini amalga oshirish ham kiritilgan, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.