Toshkentda Oʻzbekiston–Xitoy xalqaro tibbiyot forumi oʻtkaziladi

    Xalqaro hamkorlik 8 May 2023 836

    Bu borada Sogʻliqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov hamda Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonasi masʼul vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda kelushuvga erishildi.

    Muloqotda ikki davlat oʻrtasida tibbiyot sohasi boʻyicha koʻp qirrali aloqalarni kengaytirish, oʻzaro hamkorlikda yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

    Xususan, Xitoy koʻmagida Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash muassasalarini modernizatsiya qilish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, qoʻshma tibbiy taʼlim dasturlarini roʻyobga chiqarish, grant loyihalarini jalb qilish kabi qator yoʻnalishlar boʻyicha ikki tomonlama munosabatlar istiqbollari koʻrib chiqildi.

    Yakunda shu yil oktyabr oyida Toshkent shahrida Oʻzbekiston — Xitoy xalqaro tibbiyot forumi oʻtkazilishi yuzasidan kelishuvga erishildi.

    Taʼkidlanganidek, ushbu nufuzli tadbirda ikki davlat oʻrtasida sogʻliqni saqlash, tibbiy taʼlim, farmatsevtika, IT, xalq tabobati kabi qator yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlikni yanada kengaytirish, oʻzaro tajriba almashish va sohaga daxldor qoʻshma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari koʻrib chiqiladi.