Unda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjaev koronavirus pandemiyasi davrida oziq – ovqat ta'minoti zanjirlarining uzilishi bilan bog‘liq vaziyat kichik uy xo‘jaliklaridan tortib yirik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat komplekslari hamda yetkazib beruvchi korxonalargacha bo‘lgan barcha darajadagi oziq-ovqat tizimlarining ahamiyati va o‘zaro bog‘liqligini yana bir bor ko‘rsatganini ta'kidladi.

Tadbirda qishloq xo‘jaligini transformatsiyalash sharoitlarida aholining keng qatlamlarini arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash zarurligi ta'kidlandi. Ushbu muammoning yechimlaridan biri sifatida mahsulot tannarxi zanjirida sodir bo‘layotgan o‘zgarishlarni tahlil qiluvchi, jarayonlar va mahsulot tannarxining ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar va iste’molchilarga ta’sirini o‘lchaydigan, shuningdek narxlar va bozorga yetkazib beriladigan tovarlar hajmlarining barqarorligini ta’minlash bo‘yicha tegishli tezkor choralarni ko‘rishga imkon beruvchi tizimlarni joriy etishga qaratilgan loyihalarga investitsiyalarni kengaytirish taklif etildi.

Barqaror oziq-ovqat tizimlarini shakllantirish maqsadida samarali investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun mintaqa hukumatlari hamda xalqaro moliya institutlari va donor tashkilotlar darajasida o‘zaro hamkorlikni ta'minlash uchun amaliy choralar ko‘rish muhimligi qayd etildi.

Konferensiya doirasida, shuningdek, «evropa va Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror oziq-ovqat tizimlarini o‘zgartirishni moliyalashtirishning asosiy manbalarini aniqlash» hamda «Oziq-ovqat tizimini transformatsiyalashini tezlashtiruvchi vositasi sifatida xususiy va iqlimiy moliyalashtirishning roli» kabi mavzularni qamrab olgan panel munozaralari o‘tkazildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar Markaziy Osiyoda Oziq-ovqat tizimini jadal transformatsiyalash to‘g‘risida Ahdlashuv deklaratsiyasini qabul qildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.