Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayonini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha kelgusidagi oʻzaro hamkorlikning amaliy jihatlari, Enchanced GSP+ preferensiyalarining kengaytirilgan tizimi doirasidagi munosabatlarni mustahkamlash, shuningdek, joriy yil 30-noyabrda Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan Savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston-Britaniya kengashining navbatdagi 26 yigʻilishini oʻtkazishning tashkiliy masalalari muhokama etildi.
Tomonlar ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining Kengashda ishtirok etishga qiziqishi ortib borayotganini qayd etdilar. Bugunga qadar turli sohalarda faoliyat yuritayotgan 200 ga yaqin yetakchi kompaniyalar tadbirda ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtgan.
Shuningdek, xorijiy tomon Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlish jarayoni doirasida mamlakatimizga konsalting va texnik yordam koʻrsatish orqali qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha tomonlar muhokama qilingan barcha loyiha va tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida oʻzaro hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.