Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkiloti forumining XIX yigʻilishi boshlandi

    Bugun Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti forumining XIX yigʻilishi oʻz ishini boshladi.

    Tadbir Oʻzbekiston raisligida Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan tashkil etilyapti.

    Forum “Yangi sharoitlarda SHHTning roli: umumiy xavfsizlik, barqarorlik va farovonlik yoʻlidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish” mavzusida boʻlib oʻtayapti.

    Unda dunyoning 10 mamlakatidan 40 dan ziyod ekspertlar, jumladan, SHHTga aʼzo davlatlar milliy tadqiqot markazlarining vakillik delegatsiyasi, SHHTda kuzatuvchi davlatlar va tashkilotlarning muloqot boʻyicha hamkorlari mutaxassislari, SHHT Kotibiyati rahbariyati va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi rahbariyati ishtirok etyapti.

    Tadbir kun tartibi SHHT doirasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan uchta — asosiy sessiya, zamonaviy rivojlanish bosqichida SHHT samaradorligini oshirish va SHHT forumi faoliyatini takomillashtirish istiqbollari muhokamasini oʻz ichiga oladi.

    Forum yakunida SHHTga aʼzo davlatlarning tadbir kun tartibidagi masalalar boʻyicha yondashuv va qarashlari aks etgan yigʻilish Bayonnomasi imzolanadi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.