Toshkentda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi forumi oʻz ishini boshladi

    Mamlakatimizda 11 May 2022 1517

    Bugun poytaxtimizda Oʻzbekistonning Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga raisligi doirasida “Xalq diplomatiyasi –taraqqiyot sari oʻzaro hamjihatlik” mavzuidagi SHHT Xalq diplomatiyasi forumi oʻz ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Gibrid shakldagi ushbu tadbirda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Vladimir Norov, Umumxitoy xalq vakillari yigʻini Doimiy qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, Xitoy Shanxay hamkorlik tashkiloti yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik va hamkorlik qoʻmitasi raisi Shen Yueyue, SHHT Bosh kotibi Chjan Min, Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy davlatlar bilan doʻstona munosabatlar qoʻmitasi raisi Rustam Qurbonov, BMTning Markaziy Osiyodagi preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German ishtirok etmoqda.

    Forum davomida ishtirokchilar zamonaviy dunyoda xalq diplomatiyasining dolzarbligi, Oʻzbekistonning SHHTda ushbu institutni rivojlantirish borasidagi saʼy-harakatlari, shuningdek, tashkilotning madaniy xilma-xilligi va boy sayyohlik salohiyatini ommalashtirish masalalarini muhokama qiladilar.

    Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva forum ishtirokchilariga yoʻllagan qutlov nutqida quyidagilarni taʼkidladi: “Zamonaviy dunyo globallashuvning ziddiyatli tendensiyalari, barqaror va inklyuziv rivojlanish uchun yangi xavf va tahdidlarning paydo boʻlishi taʼsiri ostida oʻzgarmoqda”.

    Uning aytishicha, xalqaro terrorizm, radikalizm va ekstremizm, ksenofobiya hamda irqchilik, xalqaro tizimning yetakchi ishtirokchilari oʻrtasida ishonch inqirozining kuchayishi, shuningdek, iqlim oʻzgarishi va pandemiyadan keyingi rivojlanish muammolari va boshqa koʻplab tahdidlar global harakatlarni birlashtirishni talab etmoqda.

    - Shuning uchun xalq diplomatiyasiga bugungi kunda har qachongidan ham koʻproq talab mavjud, - dedi Parlament yuqori palatasi rahbari. - Murakkab xalqaro vaziyat sharoitida u odamlar oʻrtasida oʻzaro ishonch va bir-birini tushunishni mustahkamlash orqali umumiy muammolarni hal qilishning birgalikdagi usullarini topish uchun samarali vosita boʻlib xizmat qiladi. Sayyoramizning 3,2 milliarddan ortiq aholisini birlashtirgan SHHT mamlakatlari uchun madaniy-gumanitar hamkorlik, parlamentlararo aloqalarni mustahkamlashni davom ettirish, mamlakatlarimiz fuqarolik jamiyati institutlari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirish, xotin-qizlar va yoshlar tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish muhim ahamiyatga ega.