Shunday tadbirlardan biri 2022-yil 27-mart kuni Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan SHHT xalqaro yarim marafonidir. Mazkur tadbir doirasida Navro'z umumxalq bayramiga bag'ishlangan IV xalqaro Toshkent yarim marafoni tashkil etiladi.

2016-yildan boshlab har yili tashkilotga a'zo davlatlar sportchilari ishtirokida o'tkazib kelinayotgan mazkur sport tadbiri jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar, sportchilarning xalqaro sport musobaqalarida ishtirok etishiga imkon yaratish, Olimpiya, Paralimpiya harakati va milliy sport turlarini rivojlantirish bo'yicha hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, a'zo davlatlarning sport federatsiyalari o'rtasidagi bevosita aloqalarini rivojlantirishga hissa qo'shadi.

Yarim marafonda turli mamlakatlar va qit'alardan kelgan professional sportchilar, havaskor yuguruvchilar va sog'lom turmush tarzi tarafdorlari SHHT bayrog'i ostida birlashadi.

Poytaxtimizda o'tkazilishi kutilayotgan yarim marafon dasturi ikki masofani o'z ichiga olgan bo'lib, ishtirokchilar – 3 km va 21,0975 km masofaga yugurib, kuch sinashadi. YArim marafon marshruti poytaxtimizdagi Afrosiyob va Beshyog'och ko'chalari chorrahasidan boshlanib, Nukus, Abdulla Qodiriy, Abay ko'chalari orqali davom etadi.

Mazkur tadbirda ishtirok etish istagini bildirganlar quyidagi havola orqali tadbir to'g'risida yanada to'liqroq ma'lumotga ega bo'lishi va ro'yxatdan o'tishi mumkin.