Toshkentda SHHTga aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining toʻrtinchi Kengashi boʻlib oʻtadi

    Xavfsizlik 15 Avgust 2022 848

    Joriy yil 17-18-avgust kunlari Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi doirasida, tashkilotga aʼzo davlatlar ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirlarining toʻrtinchi Kengashi boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.

    Kengashda, SHHTga aʼzo davlatlarning ichki ishlar va jamoat xavfsizligi vazirliklari, kuzatuvchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, INTERPOL, BMTning Narkotik va jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi, MDHga aʼzo davlatlar hududida uyushgan jinoyatchilik va boshqa xavfli jinoyatlarga qarshi kurashishni muvofiqlashtirish Byurosi hamda MDHning Aksilterror markazi delegatsiyalari qatnashadilar.

    Kengash kun tartibiga koʻra xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash jarayonida hamkorlikni yanada rivojlantirish, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi, terrorizm, ekstremizm va separatizm hamda transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish va boshqa masalalar muhokama etiladi.

    Tadbir jarayonida delegatsiya rahbarlarining xalqaro hamkorlikni takomillashtirishga bagʻishlangan ikki tomonlama uchrashuvlari ham rejalashtirilgan, deb xabar beradi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati.