Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi hamda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qoʻmitasi bilan hamkorlikda gibrid formatda tashkil etilgan tadbirda SHHTga aʼzo davlatlarning tegishli vazirlik, idoralari, ilmiy-akademik va tahliliy doiralari vakillaridan iborat 30 nafardan ziyod yetakchi ekspertlar ishtirok etib, raqamlashtirish sohasidagi soʻnggi tendensiyalar va yutuqlarni muhokama qilmoqda.

Mazkur forumni oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2021-yil 17-sentyabr kuni SHHTning Dushanbe sammitida ilgari surilgan edi.

Shu nuqtayi nazardan Oʻzbekiston Prezidentining ushbu forumni oʻtkazish boʻyicha oʻz vaqtida ilgari surgan muhim tashabbusi ishtirokchilarga axborot xavfsizligini taʼminlash sohasidagi xavf-xatarlarga qarshi kurashishga oid yagona siyosatni shakllantirish boʻyicha aniq takliflar, amaliy tavsiyalar ishlab chiqish, shuningdek SHHT mamlakatlari fuqarolari axborotdan erkin va hech qanday toʻsiqsiz foydalanishini taʼminlash boʻyicha umumiy yondashuvlarni kelishib olish imkonini beradi.

Ushbu keng qamrovli masalalarni koʻrib chiqish uchun forum kun tartibi 3 mavzuga oid sessiyaga boʻlingan:

1. Axborotdan foydalanish koʻlamini kengaytirish – zamonaviy jamiyatni rivojlantirishning muhim omili.

2. Axboriy-gʻoyaviy xatarlar va bunday tahdidlarga qarshi samarali javob choralarini ishlab chiqish.

3. AKT jadal rivojlanishi sharoitida nozik axborot infratizimi obyektlarini himoya qilish.

Mazkur tadbir mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash va SHHTga aʼzo davlatlarning axborot va kiber makondagi xatarlarga qarshi kurash borasidagi salohiyatini oshirish imkonini beradi.