Toshkentda "Space Technology Conference, STC-2023" xalqaro konferensiyasi o‘tkaziladi

    Oʻzbekiston Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan joriy yil 25-27-aprel kunlari Toshkent shahrida “Space Technology Conference, STC-2023” xalqaro konferensiyasi oʻtkaziladi.

    Oʻzbekistonda kosmik texnologiyalarning ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga taʼsiriga bagʻishlangan mazkur konferensiya Buyuk Britaniyaning “Dialogue Events” kompaniyasi koʻmagida tashkil etilmoqda.

    Konferensiya doirasida shoʻba muhokamalar, taqdimotlar, Yoshlar forumi, ikki va koʻp tomonlama “G2G”, “G2B” va “B2B” shakllaridagi muzokaralar boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan.

    Anjumanda Markaziy Yevroosiyo davlatlari kosmik agentliklari va tegishli idoralari, xalqaro fazo tashkilotlari, kosmos sohadagi xususiy jabha vakillari hamda Oʻzbekistonning tegishli vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

    Konferensiyani oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad kosmik texnologiyalarni Markaziy Yevroosiyo mamlakatlarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning barqaror omili sifatida muhokama qilish uchun mintaqaning kosmik agentliklari va xalqaro kosmik hamjamiyatni birlashtirgan holda zamonaviy kosmik texnologiyalarning iqtisodiyotdagi turli sohalarga tadbiq etilishi orqali sohalar samaradorligini oshirish imkoniyatlarini yoritish, sohadagi xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat.