Toshkentda sudya mast holatda mashina olib qochgani aytilmoqda

    Ijtimoiy tarmoqlarda sudya mast holda mashina olib qochgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

    Sudyalar oliy kengashi holat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Unda sudyaning xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilayotgani aytiladi.

    “Sudyalar odobi kodeksi talablaridan kelib chiqib, Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Mirobod tuman sudi sudyasining (xizmatdan tashqari vaqtdagi) xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi oʻtkazilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi shu mavzuga doir xabarlarda tilga olinayotgan holatlarga xizmat tekshiruvi jarayonida aniqlik kiritiladi va yakuni boʻyicha lozim choralar koʻrilishi taʼminlanadi”, deyiladi kengash bayonotida.