“Dunyo” AAning xabar berishicha, tadbir Oʻzbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Oʻzbekiston Suv xoʻjaligi vazirligi va “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti hamda Fridrix Ebert nomidagi jamgʻarma, Suv resurslarini boshqarish xalqaro instituti, Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati koʻmagida tashkil etmoqda.
Ushbu noyob platforma 10 dan ortiq mamlakatdan 100 dan ziyod ishtirokchilarni birlashtiradi va ilk bor Orol dengizi havzasiga yondosh davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyo, Afgʻoniston strategik institutlari, suv xoʻjaligi idoralari ekspertlarini hamda Osiyo, Yevropa, MDH davlatlari mutaxassislarini bir yerga toʻplaydi.
Anjumanda Oʻzbekistondagi diplomatik vakolatxonalar vakillari, 15 ga yaqin xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar delegatsiyalari, jumladan, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi, BMTning Afgʻonistonga koʻmak koʻrsatish boʻyicha missiyasini, Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi, Davlatlararo suv xoʻjaligi muvofiqlashtirish komissiyasining ilmiy-axborot markazi, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi va boshqalar ishtirok etadi.
Soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda suv sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishning samarali modelini ilgari surishning eng muhim vositasiga aylanib borayotgan suv diplomatiyasi tadbir ishtirokchilari diqqat markazida boʻladi. Shu munosabat bilan mazkur hamkorlik yoʻnalishini kengaytirish boʻyicha bir qator taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish maqsadida qiziqarli munozaralar hamda samarali fikr almashishlar boʻlib oʻtishi kutilmoqda.
Konferensiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining suv diplomatiyasi konseptual asoslarini ishlab chiqishga muhim hissa qoʻshib, mintaqa davlatlarining xalqaro suv hamkorligi kun tartibini shakllantirishdagi faol ishtirokchi sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi.
Forum “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universitetining 90-yilligini nishonlash doirasida oʻtkaziladi. Unda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatdan kelgan 300 ga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etadi.