Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumati delegatsiyasining Toshkentga tashrifi chog‘ida 20 noyabr kuni  Afg‘oniston Islom Respublikasi Oliy taʼlim vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi o‘rtasida afg‘on talabalarini O‘zbekistonga taʼlim olish uchun yuborish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv Memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqov va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgar ishtirok etdi.

Imzolangan Memorandumda har ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasidagi hamkorlik qilish, jumladan, o‘quv materiallari bilan almashish, taʼlim tadbirlarida har ikki mamlakat mutaxassislarining o‘zaro ishtirokini taʼminlash, ilmiy-tadqiqot ishlarida o‘zaro hamkorlik qilish va ilmiy jurnallarda nashr va maqolalarni birgalikda tayyorlash shartlari va tartibi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, taʼlim sohasida hamkorlik qilish va ikki mamlakat oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida aloqalarni yana-da kengaytirish bo‘yicha kelishuvga O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Afg‘oniston Islom Respublikasiga shu yilning oktyabr oyida amalga oshirilgan tashrifi chog‘ida erishildi.

Taʼlim sohasidagi hamkorlikning bugungi holati haqida gapirganda shuni taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 13 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish taʼlim markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq Surxondaryo viloyati Termiz tumanida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish markazi faoliyat yuritmoqda.

2018-2019 o‘quv yili davomida Markazda 96 nafar talaba «O‘zbek tili va adabiyoti» yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olib, barchasi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti Universitetining bakalavri darajasiga ega bo‘lishdi.

Hozirgi kunda markazda 172 nafar, jumladan, «O‘zbek tili va adabiyoti» yo‘nalishi bo‘yicha 119 nafar, «Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi» yo‘nalishi bo‘yicha 35 nafar, «Akusherlik, ginekologiya va hamshiralik ishi» yo‘nalishi bo‘yicha 18 nafar talaba tahsil olmoqda.

Bundan tashqari, shu yilning dekabr oyida Afg‘onistondan 10 nafar talabaning Yevropa Ittifoqi ko‘magi va moliyalashtirilishi asosida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida tahsil olish uchun kelishi rejalashtirilgan.