Toshkentda “Tracker” haydovchisi chorrahani tartibga solayotgan inspektorni urib yubordi

    Voqea-hodisalar 29 Aprel 2025 822

    Mirzo Ulugʻbek tumanida “Tracker” rusumli avtotransport vositasi haydovchisi chorrahani tartibga solayotgan inspektorni urib yubordi.

    Toshkent shahri Ichki ishlar bosh boshqarmasining xabar berishicha, shu yilning 3-aprel kuni soat 08:30 atrofida Doʻrmon yoʻli va Mirzo Ulugʻbek koʻchalari kesishmasidagi chorrahada xizmat olib borayotgan YPX inspektori — serjant Anvar Toshtemirovni “Tracker” rusumli avtotransport vositasi urib ketgan.

    Shifoxonaga olib borilgan inspektorga oʻng va chap qoʻl koʻplab shilinmalari, chap chanoq suyagining bir necha joydan sinishi, chap tizza sohasi va oyoq yumshoq toʻqimalarining lat yeyishi tashxisi qoʻyilgan.

    “Tirbandlikning oldini olish maqsadida chorrahaga chiqib, uning markazida oʻzimga qulay joyni tanladim. Uchinchi qatordan keldimi yoki toʻrtinchi qatordan, bilmayman, Tracker kelib urdi. Oʻsha yerdagi hamkasblarim, Milliy gvardiya, hammasi kelib, birinchi tibbiy yordamni koʻrsatdi”, — dedi inspektor.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.