Toshkentda transafgʻon temir yoʻli loyihasini muvofiqlashtirish ofisi ochildi

    Transport 15 May 2023 2111

    Joriy yil 12-mayda Toshkent shahrida Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston temir yoʻl liniyasini qurish loyihasini muvofiqlashtirish ofisining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili I.Irgashev, Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri I.Maxkamov, Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri maslahatchisi A.Xashimov, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ raisining oʻrinbosari A.Kamalov, Pokiston Islom Respublikasi elchisi A.Faruk, Afgʻoniston elchisi A.Ilmiy va Afgʻoniston temir yoʻl boshqarmalar B.Sharafat ishtirok etdi.

    Shuni taʼkidlash kerakki, loyiha ofisining tashkil etilishidan maqsad, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish va loyihaning amaliy bajarilishini tezlashtirish boʻyicha qoʻshma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirishdir.

    Tadbir ishtirokchilari loyiha ofisining oʻz vaqtida ochilishi, tomonlarning loyihani amalga oshirishni muntazam ravishdan doimiy ravishga jadallashtirish boʻyicha harakatlarini yoʻnaltirishni alohida taʼkidladilar.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili I.Irgashev: “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan 2018-yildan buyon izchil samarali ishlar olib borilyapti, loyiha ofisining ochilishi esa tomonlarning loyihani amalga oshirishni jadallashtirish borasidagi harakatlarining navbatdagi bosqichidir”, – dedi.

    – Loyiha qurilishini muvofiqlashtirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri Toshkent shahrida loyiha ofisining oʻz vaqtida ochilishi Markaziy Osiyo mamlakatlarni Pokistonning 230 millionli aholisi bilan bogʻlaydi, shuningdek, muqobil raqobatbardosh yoʻnalishlarda Arab dengizi havzasi davlatlari bilan oʻzaro savdo qilish imkoniyatlarini ochadi. Loyihani amalga oshirish mintaqalarni yuqori rivojlanish darajasiga olib chiqadi, shuningdek, umumiy tarixni hurmat qiladigan xalqlar oʻrtasidagi munosabatlarni tiklaydi”, – deya taʼkidladi Pokiston Islom Respublikasi elchisi.

    – Toshkent shahrida loyiha ofisining ochilishi tomonlar mutaxassislarining ishini bevosita yuzma-yuz shaklda yanada samarali tashkil etish imkonini beradi, shuningdek, loyihani amalga oshirishda Rossiya va Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyo mamlakatlariga millionlab tonna tabiiy resurslar va boshqa tovarlarni tashish imkoniyati paydo boʻladi. Shu bilan birga, Afgʻoniston tomoni Afgʻoniston iqtisodiyotining Real sektorini rivojlantirishga koʻproq eʼtibor qaratayotgan Oʻzbekistonga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman, – deya taʼkidladi Afgʻoniston temir yoʻl boshqarmasi raisi B. Sharafat.

    Shu kunlarda, joriy yil 11-12-may kunlari Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston temir yoʻl liniyasini qurish loyihasini yanada rivojlantirish boʻyicha navbatdagi uch tomonlama muzokaralar boʻlib oʻtdi. Unda tomonlar loyihani amalga oshirishni jadallashtirish bilan bogʻliq masalalarni muhokama qildilar, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.

    Shuni taʼkidlash kerakki, Oʻzbekiston – Afgʻoniston – Pokiston temir yoʻlini qurish loyihasini sifatli amalga oshirish mazkur yoʻnalishdan uzoq vaqtlar davomida foydalanishga imkon beradi va uni asrlar davomida saqlab qoladi.