Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov va Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti F.Oktay raisligida boʻlib oʻtgan mazkur yigʻilishda Oʻzbekistonda investitsiya faoliyati bilan shugʻullanuvchi yetakchi turk kompaniyalari, shuningdek, respublikaning vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuv chogʻida oliy darajadagi tashriflar bilan almashish natijasida soʻnggi 4 yil mobaynida Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasida hamkorlik strategik sheriklik darajasiga olib chiqilgani va hozirda yuqori dinamika bilan rivojlanayotgani taʼkidlandi.
Hukumat darajasida ham, xususiy sektor oʻrtasida ham tezkor aloqalar yoʻlga qoʻyilganligi ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni sezilarli darajada kengaytirish imkonini berdi. Shunday qilib, oʻtgan toʻrt yil davomida Oʻzbekistonda Turkiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar koʻpayib, bugungi kunda u 1700 dan ortiqni tashkil etmoqda. Bu esa Turkiyaga joriy yilning yanvar-may oylarida ochilgan yangi qoʻshma korxonalar soni boʻyicha xorijiy davlatlar orasida yetakchi oʻrinni egallash imkonini berdi.
Muvofiqlashtiruvchi Kengash yigʻilishida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Davlat rahbari va Hukumati tomonidan iqtisodiyotning bozor tamoyillarini barqaror rivojlantirish va xorijiy investorlar uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Qulay geografik joylashuvi, boy resurs bazasi, sigʻimli ichki va tashqi bozorlar bilan birgalikda bu Oʻzbekistonni mintaqada investitsiyalar kiritish uchun eng jozibador mamlakatlardan biriga aylantirmoqda.
Uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilar ekan, ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari Oʻzbekiston va Turkiya iqtisodiyotining raqobat ustunliklari va bir-birini toʻldirishi asosida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun muhim salohiyat mavjudligini taʼkidladilar. Ular turk biznesi vakillarini yangi keng koʻlamli loyihalarni amalga oshirish orqali Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlari salohiyatidan faol foydalanishga, oʻzbek tadbirkorlari bilan biznes aloqalarini mustahkamlashga chaqirdi.
Tadbir davomida tomonlar investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, yuqori qoʻshimcha qiymatga ega eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni taʼminlaydigan yuqori texnologik tarmoqlarni yaratishga ham oʻzaro qiziqish bildirdilar.
Yigʻilishda soʻzga chiqqan turk tadbirkorlari Oʻzbekistonda biznes yuritish tajribasi, kelajakdagi rejalari bilan oʻrtoqlashdilar, shuningdek, mavjud masalalarni tilga oldilar.
Uchrashuv yakunida soliq va bojxona faoliyatini tartibga solish sohasidagi investitsiyaviy muhit va qonunchilikni yana-da takomillashtirish orqali Oʻzbekistonda turk biznesining investitsiyaviy faolligini ragʻbatlantirish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqildi.
Muvofiqlashtiruvchi Kengash savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlarini ilgari surish va turk investorlarining Oʻzbekistondagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlash platformasi sifatida yaratilgan. Uning raisi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakovdir.
Kengashning asosiy vazifalari turk tadbirkorlari va investorlari hamda Oʻzbekiston davlat organlari oʻrtasida bevosita muloqot oʻrnatish, investitsiyaviy takliflarni muhokama qilish, mavjud muammolar va ularni hal etish yoʻllarini har tomonlama tahlil qilish, shuningdek, mamlakatda iqtisodiy islohotlarni yana-da chuqurlashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishdan iborat. Kengash yigʻilishlari har chorakda oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.