Toshkentda usta sherigini “shlanka” bilan urib oʻldirdi. Bu haqda Tergov departamenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Aniqlanishicha, 2022-yil 7-fevral kuni 43 yoshli Yu.O. va B.E.lar Bektemir tumani Majnuntol mahallasida joylashgan xonadonga taʼmirlash ishlarini olib borish uchun kelishgan.

Shu kuni soat 17:00 larda ikkisining Oʻrtalarida kelib chiqqan kelishmovchilik natijasida, oʻzaro janjallashib, Yu.O. rezinadan ishlangan quvur (shlang)ning boʻlagi bilan B.E.ning tanasining turli sohalariga bir necha marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.

Natijada, B.E. olgan tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yotqizilib, koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan u vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Yu.O.ga nisbatan JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Hozirda jinoyatning kelib chiqish sabablari oʻrganilmoqda, – deyiladi xabarda.