Tadbirda 300 dan ortiq xalqaro ishtirokchilar, tajribali gidlar, turizm sohasidagi mutaxassislar, davlat tashkilotlari, fan va taʼlim muassasalari vakillari ishtirok etdi.
Forum Oʻzbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi va Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etildi.
Forumning ochilishida soʻzga chiqqan Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shadiyev bugungi kunda xorijiy davlatlardan tashrif buyuruvchilar uchun viza rejimi soddalashtirilganini, hozirda viza rejimi soddalashtirilgan davlatlarning soni 93 taga yetganini taʼkidladi.
2023-yilda yurtimizga xorijdan 7 millionga yaqin turist kelgan. Ularning qolish muddati oʻrtacha 4 kungacha uzaydi (1,3 barobar oʻsish).
“Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!» dasturiga asosan hududlarga 21 million mahalliy sayyoh tashrifi tashkil etildi (20% oʻsish)”, — deya taʼkidladi U. Shadiyev.
Forumdan koʻzlangan maqsad ekskursiya sohasida tajriba va bilim almashish, turizm industriyasining muhim yoʻnalishlaridan birini rivojlantirishning dolzarb masalalari va istiqbollarini muhokama qilish, shuningdek, oʻzbekistonlik va xorijiy soha vakillari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlashdan iborat. Forum doirasida “Ekskursiya faoliyati: taʼlim, fan va amaliyot simbiozi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Forum doirasida Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bilan Turkiya, Qozogʻiston va Oʻzbekistonning turli taʼlim va turizm tashkilotlari oʻrtasida bir qancha oʻzaro anglashuv va hamkorlik memorandumlari imzolandi, deb xabar beradi Turizm qoʻmitasi matbuot xizmati.