Toshkentda Xalqaro anʼanaviy Tasviriy va amaliy sanʼat festivali oʻtkazilyapti

    Madaniyat 18 Aprel 2023 1341

    Toshkent shahrida Xalqaro anʼanaviy Tasviriy va amaliy sanʼat festivali boʻlib oʻtyapti.

    Mazkur tadbir Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi va qator vazirlik, tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan.

    Festivalda dunyo tan olgan rassomlar bilan yosh rang-tasvir ustalarining birgalikdagi koʻrgazmalari, amaliy muloqoti va mahorat darslari, shuningdek, haykaltaroshlik, kashtadoʻzlik, oʻziga xos ishlanmalar, yangilik va oʻzgarishlar taqdimoti boʻlib oʻtadi. Xalqaro anʼanaviy Tasviriy va amaliy sanʼat festivali ana shunday keng koʻlamli, nufuzli tadbir.

    Joriy yilda festival ishtirokchilari geografiyasi kengaydi. Tadbirda Koreya Respublikasining Kemyon universiteti qatori Klimovich bolalar tasviriy sanʼat maktabi davlat taʼlim muassasasi (Belarus), Tulun shahrining Bolalar badiiy maktabi (Rossiya), Ufa Davlat instituti (Rossiya), Qaragʻanda universiteti (Qozogʻiston) talaba va oʻqituvchilari amaliy muloqot va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ishtirok etyapti.

    Tadbir doirasida Markaziy koʻrgazmalar zalida xorijlik rassomlar asarlarining namoyishi, Oʻzbekiston Tasviriy sanʼat Galereyasida esa festival tarixida ilk bora TURKSOY tashkilotiga aʼzo mamlakatlar (Ozarbayjon, Turkiya, Turkmaniston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston) ijodkorlarining «Turk dunyosi rassomlarining uchrashuvi» nomli koʻrgazmasi oʻtkazilyapti, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.