Toshkentda xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi

    Mamlakatimizda 18 Avgust 2021 1128

    Bugun Toshkentdagi Markaziy Osiyo xalqaro institutida “Markaziy va Janubiy Osiyo oʻzaro bogʻliqligi: poydevori, istiqbollari, geostrategik ahamiyati” mavzusiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

    Tadbirni Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev kirish soʻzi bilan ochdi.

    Joriy yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqliq. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya savdo, iqtisodiyot, transport, aloqa, madaniyat va gumanitar hamkorlik sohasidagi oʻzaro manfaatli strategik loyihalarni ishlab chiqish uchun global platformaga aylangani qayd etildi.

    Onlayn va oflayn shakllarda oʻtkazilayotgan konferensiyada Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati aʼzolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining tashqi ishlar vazirliklari va parlamentlari vakillari, taniqli olim va ekspertlar ishtirok etmoqda.

    Avval xabar qilinganidek, tadbir Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tomonidan Konrad Adenauer jamgʻarmasining Markaziy Osiyo boʻyicha vakolatxonasi hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti bilan hamkorlikda tashkil etildi.