Turizm va madaniy meros vazirligi Milliy PR markazi bilan hamkorlikda joriy yilning 30-noyabr — 2-dekabr kunlari 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi o'tkaziladi. Bu haqida Turizm va madaniy meros vazirligi rasmi manbalarida xabar berildi.
Yarmarka dasturi doirasida har yili konferentsiyalar, B2B uchrashuvlari, davra suhbatlari, turizm xizmatlari va hunarmandchilik ko'rgazmalari, O'zbekiston hududlari turizm salohiyati taqdimotlari, gastronomik va boshqa ko'plab tadbirlar o'tkaziladi.
Xususan, 2019-yilda o'tkazilgan Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida 15 mingdan ortiq muzokaralar o'tkazilib, 9 mingdan ortiq hamkorlik shartnomasi imzolangan edi. Bu yarmarka tarixidagi eng yirik tadbirdir.
Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi — “Ipak yo'lidagi turizm” O'zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi turizm sanoatidagi eng yorqin va yirik tadbirdir.
Ma'lumot uchun, yarmarka 1995-yildan beri BMT Jahon turizm tashkilotining rasmiy ko'magida o'tkazib kelinmoqda. Har yili ko'rgazmaga dunyo mamlakatlaridan turizm biznesi mutaxassislari tashrif buyuradi.