Hujjat bilan O'zbekiston davlat konservatoriyasining O'zbek maqom san'ati fakul`teti hamda O'zbekiston davlat san'at va madaniyat institutining tegishli ta'lim yo'nalishlari va mutaxassisliklari negizida maqom ijrochiligi, xalq musiqasi yo'nalishlari bo'yicha kadrlar tayyorlovchi YUnus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti tashkil etilishi belgilanmoqda.
Mazkur institut yurtimizda maqom, xalq musiqasi, baxshichilik va katta ashula ijrochiligini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar va an'analarni, buyuk bastakorlar, hofiz va sozandalar merosini chuqur ilmiy asosda o'rganish va qayta tiklash bilan shug'ullanadi.
SHuningdek, mumtoz musiqa merosimiz namunalarini notaga olish, mavjud yozuvlarni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish kabi qator vazifalarni bajaradi.
Loyihada yangi institut Mirzo Ulug'bek tumani Mustaqillik shox ko'chasi, 31-uyda joylashishi belgilanmoqda.
Hujjatda YUnus Rajabiy nomidagi O'zbek milliy musiqa san'ati instituti o'z ta'lim yo'nalishlari bo'yicha “ustoz-shogird” maktablarini tashkil etib, rivojlantirishi, shuningdek, bu sohaga kirib kelayotgan yoshlar uchun muntazam ravishda mahorat darslarini o'tkazib borishi ham qayd etilgan.









