Tadbirda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Xatori Takashi, muzey asoschisi va direktori Jalil Sultonov, Yaponiya jamiyatining Oʻzbekistondagi vakillari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida Andijon viloyatining Chuama qishlogʻida topilgan “Oltinchi darajali muqaddas xazina ordeni” muzey fondiga topshirildi. Qayd etilishicha, bunday ordenlar harbiylar va fuqarolarga davlat oldida koʻrsatgan xizmatlari uchun taqdirlangan.
Shuningdek, tadbir doirasida “Hiiragi” (Holli) filmidan lavha namoyish etildi va muzeyning noyob eksponatlari bilan tanishtirildi, deb xabar beradi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlumot uchun: eski muzey binosi bundan 26-yil avval, yaʼni 1998-yil may oyida Oʻzbekistondagi yaponiyaliklarning hayotini aks ettiruvchi materiallar, shuningdek, ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik ramzi boʻlgan fotosuratlar, hujjatlar va turli eksponatlarni namoyish etish maqsadida tashkil etilgan.
2023-yilda yangi muzey binosi qurildi, u Yaponiya va boshqa mamlakatlardan kelgan mehmonlar uchun sayyohlik maskaniga aylanishi rejalashtirilgan.