Biroq moddiy imkoniyati cheklanganlarning yo tanish-bilishlaridan, yoki bankdan qarz olishdan boshqa chorasi yo‘q.

Sergeli tumanida yashovchi 1971-yilda tug‘ilgan A.Nodir ham anchadan beri o‘z uyi bo‘lishini orzu qilardi. Tanish-bilishlaridan qarz so‘rashga iymanardi. Qolaversa, hozir banklardan muayyan miqdorda muddatli kredit olish mumkin. Biroq uning foizi ancha yuqori.

Bu haqda tanishi I.Said bilan maslahatlashganida, u bankda ishonchli tanishlari borligi, bajonidil yordam berishi mumkinligi, biroq eng kam foizli kredit olish uchun ayrim shaxslarning og‘zini «moylash» kerakligiga sha’ma qildi.

Saidning gaplariga ishongan Nodir joriy yilning 9 aprel kuni hech qanday hujjat va dalilsiz 5 000 AQSH dollarini unga berib yubordi. Shundan so‘ng Said qorasini ham ko‘rsatmadi.

Aldanganini anglagan Nodir vaqtni boy bermay Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMBga murojaat qildi. Tuman IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan 1984 yilda tug‘ilgan I.Saidga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi («Firibgarlik») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlab yuborildi.

Firibgar, albatta, jazosini olar. Ammo Nodir o‘z harakatlarini qonun talablariga muvofiq amalga oshirganida, o‘z huquqlarini yaxshi bilganida yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri tegishli idoralarga murojaat qilganida, bu ko‘ngilsiz voqea yuz bermagan bo‘lar edi.