Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida ilgari surilgan va xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlangan tashabbus asosida tashkil etilayotgan ushbu nufuzli konferensiyada 500 ga yaqin ishtirokchi, jumladan, 30 dan ortiq xorijiy davlatning 150 dan ziyod vakili qatnashadi.

Konferensiyada Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish nomidan BMTning Oʻzbekistondagi doimiy koordinatori v.b. Yu Yu, BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Mishel Bachelet, BMT Bosh kotibining Yoshlar boʻyicha vakili Jayatma Vikramanayake, Parlamentlararo Ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Helga Maria Shmid, Osiyo parlament assambleyasi Bosh kotibi Muhammad Rizo Majidi, YXHT Parlament assambleyasi prezidenti Margareta Sederfelt, MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi Sergey Lebedev, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi oʻrinbosari, Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va boshqa nufuzli xorijiy va milliy ekspertlar ishtirok etadi.

COVID-19 pandemiyasi sababli xalqaro konferensiya virtual shaklda oʻtkaziladi. U 3 ta yalpi majlisdan hamda 3 ta parallel sessiyadan iborat boʻladi. Maʼruzalar oʻzbek, ingliz, fransuz va rus tillarida taqdim etiladi.

Aytish oʻrinliki, konferensiya 12-avgust – Xalqaro yoshlar kunida oʻz ishini boshlashi ham uning ahamiyatini yana-da oshiradi.

Global ahamiyatga ega ushbu nufuzli anjuman haqida www.youthforum.uz sayti orqali batafsil maʼlumot olishingiz mumkin.

Shuningdek, 12-13-avgust kunlari konferensiyani yuqoridagi veb-sayt orqali toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatish, fikr-mulohaza hamda mavzuga doir savollarni maʼruzachilarga yoʻllash imkoniyati mavjud.

Inson huquqlari boʻyicha

Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati