Qayd etilishicha, shu yilning 19-aprel kuni fuqaro O.J. otasi nomida boʻlgan “Gentra” rusumli avtomashinani (davlat raqami yechilgan) tanishi, haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmagan S.P.ga boshqarish uchun taqdim qilib, oʻzi avtomashinaning oldi yoʻlovchi oʻrindigʻida kelgan, orqa oʻrindigʻida uch nafar ularning tanishlari P.G., Q.D., R.B.lar boʻlgan.

Ular Chilonzor tumani TXAY-Chorbogʻ koʻchasida tartibsiz harakatlanib, dastlab “Damas” rusumli avtomashinani urib yuborib, shikast yetkazgan.

Shunda ushbu yoʻnalishda xizmat olib borayotgan YHXB xodimlari ularga “toʻxtash” buyrugʻini bergan boʻlsada, S.P. bunga boʻysunmasdan, J.O.ning koʻrsatmasi boʻyicha harakatni davom ettirgan. Natijada u “Cobalt” va 2 ta “Gentra” rusumli avtomobillar bilan toʻqnashuv sodir qilib, haydovchilarga tan jarohati va avtomashinalarga shikast yetkazgan, soʻng “Matiz” rusumli avtomashina (jami 5 ta avtomashina) bilan toʻqnashuv sodir qilib, boshqaruvni toʻxtatgan.

Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, hozirda fuqarolar S.P. va J.O. nisbatan Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2-qismi “b” bandi (oʻzganing mulkiga shikast yetkazish) va 277-moddasi 3-qismi “g” bandi (bezorilik) bilan ayb eʼlon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Oʻz navbatida, avtoulovni orqa oʻrindigʻida kelgan fuqarolar P.G., Q.D., R.B. jamoat joyida mayda bezorilik va ichki ishlar organlarining qonuniy talablarini bajarmaganligi hamda harakatlarida jinoyat alomatlari boʻlmaganligi sababli ularga Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 183 va 194-moddalari asosida 7 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.