Toshkentda YTHlarning oldini olish uchun 2 mlrd soʻmdan ziyod pul ajratiladi

    Mablagʻlar YTHlarning oldini olish uchun koʻcha va yoʻllar boʻylab temir panjara oʻrnatish, qavariq piyodalar oʻtish joyi qurish sarflanadi.

    Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov 2025-yil 20-may kuni mablagʻ ajratish boʻyicha qarorni imzoladi.

    Qarorga koʻra, shahar hokimligi huzuridagi Toshkent shahrini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash ishlari bilan bogʻliq xarajatlarni amalga oshirish uchun tasdiqlangan manzilli roʻyxatga asosan, tuman Obodonlashtirish boshqarmalariga 2 044,0 mln (ikki milliard qirq toʻrt million) soʻm mablagʻni ajratish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullandi.

    Xususan, YTHlarning oldini olish uchun koʻcha va yoʻllar boʻylab temir panjara oʻrnatish uchun 1 mlrd 456 mln soʻm ajratiladi.

    Shundan Olmazor tumanida 260 mln soʻm, Shayxontohur tumaniga 156 mln soʻm, Bektemir tumaniga 104 mln soʻm, Yakkasaroy tumaniga 221 mln soʻm ajratiladi. Jami 5600 metrlik panjaralar oʻrnatiladi.

    Shuningdek, voyaga yetmaganlar oʻrtasida YTHlarni kamaytirish uchun qavariq piyodalar oʻtish joyi qurishda 588 mln soʻm ajratiladi.

    Buning uchun Mirzo Ulugʻbek tumaniga 28 mln soʻm, Yashnobod tumaniga 42 mln soʻm, Olmazor tumaniga 86 mln soʻm, Sergeli, Mirobod, Yunusobod va Shayxontohur tumanlariga esa 70 mln soʻmdan pul ajratiladi.