Unda Mudofaa vaziri Bahodir Qurbonov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Mudofaa vazirligi sport markazining nomdor sportchilari, Oʻzbekiston oʻq otish sporti federatsiyasi vakillari hamda sport faxriylari ishtirok etdi.
Ayni paytda mamlakatimizda oʻq otish sporti bilan 3 700 nafarga yaqin oʻgʻil-qiz muntazam shugʻullanib kelyapti, shundan 800 nafarga yaqini xotin-qizlardir. Ularga 136 nafar trener oʻq otish sporti sir-asrorlarini oʻrgatib kelyapti. Undan tashqari, yurtimizda 122 ta TIRlar, yaʼni oʻq otish majmualari tashkil qilingan.
Mamlakat terma jamoasi tarkibiga oʻq otish sportidan 48 nafar sportchi taklif etilgan boʻlsa, shundan 10 nafari Mudofaa vazirligi sport markazi aʼzolari sanaladi.
Shuni taʼkidlash kerak, hamyurtlarimiz oʻq otish sporti boʻyicha muntazam tarzda qitʼa va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya oʻyinlarida munosib ishtirok etib kelishyapti. Olimpiya oʻyinlari sovrindori, Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Rustam Yambulatov, Osiyo oʻyinlari va jahon kubogi singari nufuzli musobaqalar sovrindori Dilshod Muxtorov, Xitoyning Nankin shahrida oʻtkazilgan II oʻsmirlar yozgi Olimpiya oʻyinlari gʻolibi Vladimir Sveshnikov, Osiyo va jahon chempionatlari sovrindori Server Ibragimov kabi sportchilarni bugun Oʻzbekistondan tashqarida ham yaxshi bilishadi.
Quvonarlisi, Rio-2016 Paralimpiya oʻyinlari kumush medali sovrindori Server Ibragimov Tokioda boʻladigan Paralimpiya oʻyinlari yoʻllanmasini ham qoʻlga kiritdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan R.Ermatov sportchi uchun eng avvalo sport infratuzilmasi hamda zamonaviy sport inventarlari, qolaversa malakali trenerlar kerakligini taʼkidlab, bu borada bugun foydalanishga topshirilgan oʻq otish sporti oʻquv-mashgʻulotlar bazasida yaratilgan sharoitlar va mavjud oʻq otish qurollari xalqaro talablarga javob berishi haqida fikr bildirar ekan, tez orada ushbu sport turi rivojida oʻz samaralarini berishini taʼkidladi, deb xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.