Toshkentda “zang suv” holatlari boʻyicha fuqarolarga toʻlovlar qayta hisoblanadi

    Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi issiq suvning rangi oʻzgargani, zangli suv kelayotgani haqida shikoyatlar tarqaldi.

    “Veolia Energy Tashkent” kompaniyasi aholidan kelib tushayotgan bu kabi murojaatlarni diqqat bilan oʻrganib, issiqlik tarmoqlari hamda turar joy binolaridagi issiqlik boʻgʻinlarini tekshirayotganini maʼlum qildi. Ayniqsa, issiq suv rangi oʻzgargan hududlarda maxsus tahlil ishlari olib borilmoqda.

    Maʼlum qilinishicha, isitish mavsumi boshlanishidan oldin issiqlik tarmoqlari tayyorgarlik holatiga oʻtkaziladi. Bu jarayonda suv quvurlar boʻylab aylana boshlaydi, tizim sinovdan oʻtkaziladi va quvurlar teng darajada qizishi taʼminlanadi. Shu davrda ayrim tumanlarda issiq suvda jigarrang yoki “zang”ga oʻxshash tus kuzatilishi mumkin.

    Yozgi mavsumda esa tizim faqat bitta asosiy quvur orqali ishlaydi, ikkinchi liniya esa rejali taʼmirga yopiladi. Taʼmirdan soʻng quvurlar qayta toʻldirilganda suvning metall devorlar bilan tabiiy oʻzaro taʼsiri natijasida yupqa zang qatlami hosil boʻladi. Aylanma harakat tiklangach, u suvga jigarrang tus berishi mumkin. Bu hodisa vaqtinchalik boʻlib, tizim parametrlari barqarorlashgach, suv rangi meʼyorga keladi.

    Tekshiruvlar davomida ayrim uylarda issiq suv notoʻgʻri — qaytish quvuri orqali uzatilayotgani aniqlangan. Bu holat suv haroratining pasayishiga va suvning quvurlarda toʻxtab qolishiga sabab boʻlib, zangga oʻxshash rang paydo boʻlishiga olib keladi.

    Kompaniya xodimlari boshqaruvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda mazkur sxemalarni toʻgʻrilash va suv tiniqlangunicha texnologik tozalash ishlarini amalga oshirmoqda.

    Murojaat uchun:

    Agar siz issiq suv rangi oʻzgarishini kuzatgan boʻlsangiz, quyidagi raqamlar orqali kompaniyaga murojaat qilishingiz mumkin: 1347 yoki (71) 200-00-56 (ish kunlari).

    Shuningdek, dam olish kunlari “Veolia Energy Tashkent”ning tuman boshqarmalari bilan bogʻlanish imkoni mavjud (telefon raqamlari kompaniya rasmiy manbasida keltirilgan).

    Barcha murojaatlar qayd etiladi va manzillarda tekshiruv oʻtkaziladi. Agar suv sifatidagi muammo tashqi tarmoqlar faoliyati bilan bogʻliqligi tasdiqlansa, fuqarolarning toʻlovlari belgilangan tartibda qayta hisoblanadi.

    Qayta hisoblash uchun asos — isteʼmolchi va kompaniya vakili tomonidan tuzilgan dalolatnoma boʻlib, unda aniqlangan muammo va uning davomiyligi qayd etiladi. Dalolatnoma imzolangandan soʻng mahalliy boshqarmaga topshiriladi va shu asosda qayta hisob-kitob amalga oshiriladi.