Qayd etilishicha, Bolalar ombudsmani Toshkent shahridagi 1-sonli tergov hibsxonasida boʻldi hamda muassasada saqlanayotgan voyaga yetmaganlar sharoitlarini koʻzdan kechirdi.
Monitoring davomida jinoyat ishi tergov va sud bosqichida ekanligi yuzasidan hibsxonada saqlanayotgan voyaga yetmaganlar bilan jamoaviy suhbat, bir nechtasi bilan esa alohida individual muloqot qilinib, tergov va sud jarayonlarida ularning prosessual huquqlari qay darajada taʼminlanganligi hamda muassasada ularga qilinayotgan muomalaga doir fikrlari tinglandi.
Shuningdek, oʻrganish jarayonida aniqlanishicha, Tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslar soni belgilangan meʼyordan oshgan boʻlib, bu mahbuslarni saqlash sharoitlariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlar kameralarida qator kamchiliklar aniqlanib, xususan, aksariyati taʼmirtalab ahvolda ekanligi, kameralar ichidagi ayrim jihozlar saqlanayotganlarning soniga mos ravishda emasligi maʼlum boʻldi.
Monitoring jarayonida aniqlangan muammo va kamchiliklar yuzasidan yuqori turuvchi mutasaddi organlarga Bolalar ombudsmanining tegishli taʼsir hujjatlari kiritiladi.