Toshkentdagi Al-Xorazmiy maydoni yangi loyiha bo‘yicha qayta tiklanadi

    Urbanizatsiya 4 Noyabr 2021 1968

    Toshkentdagi Al-Xorazmiy maydonini qayta tiklash bo‘yicha loyiha konsepsiyasi taqdimot qilindi.

    Poytaxtning Chilonzor tumani hokimligida «Yuksalish» UMH qoshidagi «Shaharsozlik to‘lqini» tashabbusi va O‘zbekiston ekologik qurilish kengashi vakillari yosh arxitektor-loyihalovchilar tanlovida g‘olib bo‘lgan Al-Xorazmiy maydonini qayta tiklash bo‘yicha loyiha konsepsiyasini taqdimot qildi.

    Tadbirda mahalliy Kengash deputatlari, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Dilorom Toshmuhammedova ishtirok etdi.

    Ta’kidlandiki, «Matematiklar bog‘i» konsepsiyasida matematika fanini, buyuk olimning boy ilmiy merosini ommalashtirish, an’analarni zamonaviy tendensiyalar va texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirishga urg‘u berilgan. Loyiha landshaft dizaynida hududdagi ekinlarni hamda maydonning o‘ziga xosligini saqlab qolish ko‘zda tutilgan. Bu yerda bir nechta kichik maydonlarni tashkil etish rejalashtirilgan: sport va bolalar maydonchalari, interaktiv va lektoriy maydonchalari.

    Deputatlar va mahalliy ma’muriyat loyihani qo‘llab-quvvatladi, uni amalga oshirishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Ularning fikricha, Al-Xorazmiy maydoni qayta tiklansa, nafaqat yaqin atrofdagi xonadonlarda yashovchilar uchun oilaviy dam olish joyi, balki Chilonzor tumanining «tashrif qog‘ozi»ga ham aylanadi.

    «Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati.