Toshkentdagi avtobus saloniga ilingan erkak va ayollarni ajratib turish aks etuvchi e'lon bo'yicha rasmiy munosabat bildirildi

    Holat "ISUZU" rusumli 43-sonli avtobus yo'nalishida kuzatilgani aniqlandi hamda avtobus salonidagi mazkur e'lon tezkorlik bilan olib tashlandi.

    Joriy yilning 16-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda 43-sonli yo'nalishdagi avtobus salonining ichki qismida ayollar va erkaklar uchun maxsus joy ajratilganligini targ'ib qiluvchi e'lon avtobus saloniga joylashtirilganligi aks etgan tanqidiy foto joylashtirildi.

    Mazkur holat yuzasidan "Toshshahartransxizmat" AJ rasmiy munosabat bildirdi.

    Unda aytilishicha, "Toshshahartransxizmat" AJning mas'ul xodimlar tomonidan tezkor tekshiruv o'tkazilganda, ushbu holat 8-Avtobus saroyi filiali tasarrufidagi, saroy raqami 433-bo'lgan, "ISUZU" rusumli 43-sonli avtobus yo'nalishida kuzatilgani aniqlandi hamda avtobus salonidagi mazkur e'lon tezkorlik bilan olib tashlandi.

    Yuqoridagi kabi holatlarni bartaraf etish maqsadida barcha avtobus haydovchilari va chiptachilari o'rtasida navbatdan tashqari yo'riqnomalar o'tkazilayotgani, shuningdek, avtobus salonida turli xildagi axborot materiallari tarqatilishini oldini olish, jamoat transportida e'lon qilinishi belgilanmagan maxsus posterlardan foydalanmaslik hamda ish faoliyati davomida haydovchi va chiptachilardan yanada hushyor holda ish yuritishlari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilgani ma'lum qilindi.

    Ma'lumot uchun, "Toshshahartransxizmat" AJ harakat tarkibi yangi, zamonaviy, katta sig'imli avtobus va elektrobuslar bilan yangilanib bormoqda. Poytaxtda harakatlanuvchi avtobuslardagi tirbandliklarni oldini olish maqsadida aprel oyida Xitoy Xalq Respublikasidan olib kelingan gazda va elektrda harakatlanuvchi katta sig'imli avtobuslarning 400 donasi 20 aprel` kunidan boshlab avtobus yo'nalishlarida aholimizga xizmat ko'rsatish uchun biriktiriladi.