“Toshshahartransxizmat” AJ matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, holat 2026-yil 13-yanvar kuni soat taxminan 02:03 da sodir boʻlgan.
Filiali hududida 2018-yilda ishlab chiqarilgan, “MAN A22 CNG” rusumli, davlat raqami 01 | 903 OJA, saroy raqami 012 boʻlgan avtobus yonib ketgan.
Filialning navbatchi xodimlari tomonidan soat 02:10 da 101 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilinib, yongʻin haqida xabar berilgan. Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining oʻt oʻchirish boʻlinmasi soat 02:20 da hodisa joyiga yetib kelgan va yongʻin soat 02:40 da toʻliq bartaraf etilgan.
Mazkur avtobusga biriktirilgan haydovchi Mahmudov Murodjon (1979-yilda tugʻilgan, umumiy ish staji — 10-yil, filialda — 3-yil) 101-sonli yoʻnalishda harakatlangan. U 2026-yil 12-yanvar kuni soat 04:16 da navbatchi mexaniklar tomonidan tekshiruvdan oʻtib, avtobusni texnik soz holatda soat 05:33 da filial hududidan olib chiqqan hamda kunlik qatnovlarni toʻliq bajarib, soat 22:00 larda ishni yakunlagan.
Shundan soʻng haydovchi “Davron sifatli gaz” MCHJga qarashli gaz quyish shoxobchasida avtobusga gaz quydirib, soat 23:29 da filial hududiga qaytib kelgan va avtobusni eshiklari yopiq holda safga qoʻygan.
Hodisa oqibatida jabrlanganlar yoʻq.
Mazkur holat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan boʻlib, ayni paytda yongʻinning kelib chiqish sabablari oʻrganilmoqda. Oʻrganish natijalari boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etiladi.