Soʻnggi paytlarda turli taʼlim muassasalarida bolalarga qoʻpol muomala yoki ozor berilishi oqibatida ularga turli darajadagi jarohat yoki emotsional-psixologik taʼsir koʻrsatish faktlari uchramoqda.
Bolalar ombudsmani bola manfaatlarining bunday tarzda buzilishi holatlariga mutlaqo murosasiz boʻlib, tarbiyachi va pedagoglar oʻzining birlamchi vazifasi, yaʼni bolaga taʼlim va tarbiya berishga zid ravishda bolaning jismoniy va ruhiy sogʻligʻiga zarar yetkazishi - yoʻl qoʻyib boʻlmaydigan holat, deb hisoblaydi.
Aynan shuning uchun ham maktabgacha taʼlim va maktab muassasalarida bolalarga nisbatan jismoniy zoʻravonlik, nomunosib muomalaga yoʻl qoʻyayotgan shaxslar nafaqat lavozimidan yoki vazifasidan ozod etilishi, balki har qanday holatda qonun doirasidagi tegishli javobgarlikka tortilishi shart.
Bunda javobgarlik choralari bolaning ota-onasi eʼtiroz bildirishi yoki bildirmasligidan qatʼiy nazar qoʻllanilishi zarur. Zero, bolalarga nisbatan sodir etilgan har qanday zoʻravonlik holatining javobsiz qolishi nafaqat bunday nomaʼqul amaliyotni davom etishiga, balki farzandlarimiz koʻzida kattalarga boʻlgan ishonchni yoʻqolishiga olib keladi.
Toshkent shahri, Yunusobod tumani, 255-maktabgacha taʼlim muassasasida voyaga yetmagan A.S. ga nisbatan boʻlgan holat bolaning onasi bilan bogʻlangan holda Bolalar ombudsmani va Ichki ishlar organlari tomonidan oʻrganilmoqda. Bu haqida qoʻshimcha maʼlumot beriladi.