28,29 yoshdagi ikki sotuvchi ayol o'rtasidagi janjal biri ikkinchisining qulog'ini uzib olishgacha borib yetdi.

Sud tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko'ra, 29 yoshli ayolga badanning qator sohalarida tuzalmaydigan darajadagi xunuklashishiga sabab bo'lgan qasddan og'ir shikast etkazilgan.

Qulog'i tishlangan ayol ham raqibiga bir qancha jarohat yetkazgan. Biroq ekspertiza u olgan jarohatlarni sog'liqni qisqa muddatga yomonlashuviga olib keladigan yengil shikast deb topgan.

Tishlong'ich ayolning sudga bergan ko'rsatmasiga ko'ra, uning mahsulotiga kelgan xaridorga yonidagi sherigi bu mahsulot Qashqadaryodan kelishi, sifati yaxshi emasligini aytib, xaridorni qaytarishga harakat qiladi va o'zining mahsulotini taklif qiladi. Shundan so'ng janjal boshlanadi.

“Bir vaqt o'ng qulog'imda kuchli og'riqni his qila boshladim va “qo'yib yubor” deb baqirdim. O'sha yerdagi bir ayol sherigimning ustidan chelakda suv sepgach, u to'xtadi va uning yuziga qaraganimda og'zi qon ekanini ko'rdim. Shok holatiga tushib, qulog'imga qo'lim bilan tekkan vaqtimda o'ng qulog'imning yarmi yo'q ekanini bildim, atrofdagilardan qulog'imning uzilgan qismini qidirishni iltimos qildim", – deydi 29 yashar sudlanuvchi.

Jinoyat ishlari bo'yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan qulog'ining yarmidan ayrilgan ayol qasddan badanga yengil shikast yetkazishda aybdor deb topilib, BHMning 5 baravari (1 mln 5 ming so'm) miqdorida jarimaga tortilgan. Tishlong'ich ayolga esa 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.