Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “2023-2024-yillarda Toshkent shahrining Shayxontohur tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va mahallalar infratuzilmasini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorga imzo chekdi.
Unga koʻra, Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida 20,7 km uzunlikdagi “Turizm halqasi” barpo etiladi.
Uzilishsiz piyodalar yoʻlagi (nogironligi boʻlgan shaxslar, shu jumladan koʻzi ojizlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratgan holda) va veloyoʻlaklar hamda yashil hududlar barpo etiladi.
Sugʻorish va irrigatsiya-drenaj tarmoqlari rekonstruksiya qilinadi. Hunarmandchilik markazlari va sayilgohlar tashkil etiladi, aholi gavjum koʻchalar tunu kun faoliyat koʻrsatadigan savdo, koʻngilochar, gastronomik va turizm koʻchalariga aylantiriladi.
Toshkent shahrining tarixiy darvozalari qayta tiklanadi.
Samarqand darvoza mahallasidagi “Zamonaviy kasblar maktabi” yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga oʻqitishni tashkil etish uchun quyidagi majburiyatlar asosida xususiy sektorga tekin foydalanishga beriladi:
- “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”,
- “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan yoshlar va xotin-qizlar taʼlimi uchun grantlar ajratish;
- taʼlim jarayonlariga tegishli sohadagi nufuzli ish beruvchilarni maʼruzachi sifatida jalb etish hamda oʻquv mashgʻulotlarini amaliyot bilan birgalikda olib borish va Toshkent shahar hokimligi bilan kelishilgan kvota doirasida bitiruvchilarni ishga joylashtirish.
“Chorsu” va “Eski juva” dehqon bozorlari hududi tartibga keltiriladi va bozor hududidagi tartibsiz qurilmalar oʻrniga loyiha asosida zamonaviy savdo rastalari joylashtiriladi, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida koʻp qavatli avtoturargoh tashkil etiladi, piyodalar yoʻlaklari quriladi va irrigatsiya tarmoqlari yangilanadi.
2024-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida Oʻzbekiston davlat sirki binosi rekonstruksiya qilinadi.
2024-yil 1-iyunga qadar Shayxontohur tumani arxitektura qiyofasi bosqichma-bosqich butkul yangicha qiyofa kasb etadi.