So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqda elektr quvvatlantirish shoxobchalari faoliyati to‘xtatilgani haqida xabarlar tarqaldi. Poytaxt hokimligi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, shahardagi elektr quvvatlantirish infratuzilmasi to‘xtatilgani yo‘q va ishlashda davom etmoqda. Toshkentda quvvati 20 kVtdan yuqori bo‘lgan 1300 ga yaqin tezkor quvvatlantirish qurilmasi o‘rnatilgan, o‘tkazilayotgan xatlov esa tarmoq faoliyatining to‘xtatilishini anglatmaydi — u ulanishlarni tartibga solish va aholi uchun xavf-xatarlarni kamaytirish maqsadida zarur.

Shahar hokimligi tashabbusi bilan 3 mart kuni 12 ta ishchi guruh tuzilib, ular xatlov ishlarini boshladi. Bugungi kunga qadar 300 dan ortiq shoxobcha xatlovdan o‘tkazildi, bu esa ulanishlar holatini va tarmoqqa tushayotgan amaldagi yuklamani baholash imkonini bermoqda.

Xatlov davomida ayrim qoidabuzarliklar aniqlandi: 101 ta shoxobcha zarur hujjatlari yo‘qligi sababli vaqtincha tarmoqdan uzildi, shuningdek, 62 ta shoxobchaning elektr ta’minoti korxonalari bilan shartnomasi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi.

“Bu nima uchun muhimligini sodda qilib tushuntiramiz. Quvvati 20 kVtdan yuqori bo‘lgan tezkor quvvatlantirish — bu elektr tarmoqlari uchun jiddiy yuklamadir: bitta avtomobil qisqa vaqt ichida o‘nlab kilovatt energiya iste’mol qilishi mumkin. Agar ulanish hisob-kitoblarsiz va texnik shartlarsiz amalga oshirilsa, turar joy binolarining elektr ta’minotida haddan tashqari yuklama va uzilishlar xavfi ortadi. Biz esa bir shahar ahlimiz va biz uchun uylar, maktablar va shifoxonalarda elektr energiyasining barqaror bo‘lishi hayotiy muhim ahamiyatga ega”, deyiladi xabarda.