Toshkentdagi maktabda direktor oʻquvchining sochini majburlab kalga oldirdi

    Ijtimoiy hayot 4 May 2025 1118

    Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentdagi xususiy maktabda direktor tomonidan oʻquvchining sochi majburlab kalga olingani haqida videoxabar tarqalgandi. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, holat 2025-yilning 28-aprel kuni “Sharjah school” xususiy maktabida sodir boʻlgan.

    Maʼlumotlarga koʻra, 7-sinf oʻquvchisi J.G. sochini oldirish haqida maktab maʼmuriyati tomonidan bir necha bor ogohlantirilganiga qaramay, maktab ichki tartib-qoidalariga boʻysunmagan holda sochlari oʻsgan holda kelishni davom ettirgan. 2025-yil 27-aprel kuni oʻquvchining ota-onasi maktabga chaqirtirilgan va ular bilan tushuntirish ishlari olib borilgan. Suhbat davomida oʻquvchining ota-onasi tomonidan ertaga farzandi maktabga sochi olingan holda kelishi, aks holda uning sochini olishga ogʻzaki rozilik bildirishgan.
    Ertasiga, yaʼni, 28-aprel kuni oʻquvchi J.G. maktabga sochining ikki yon tomoni olingani, lekin oldi tomoni olinmagan holda kelganligi maʼlum boʻlgan. Shundan soʻng, maktab direktori D.M. taekwondo murabbiyi D.A. ga oʻquvchi J.G. ning sochini olish boʻyicha topshiriq bergan.

    Bundan norozi boʻlgan oʻquvchining ota-onasi joriy yilning 29-aprel kuni maktabga shikoyat qilib kelishgan. Shu kuni maktab direktori D.M., maktab psixologi M.F., taekwondo murabbiyi D.A. lar oʻquvchi J.G. ning uyiga borib, sodir boʻlgan holat yuzasidan oʻquvchi va uning ota-onasidan uzr soʻragan. Maktab psixologi tomonidan oʻquvchi J.G. bilan suhbat oʻtkazilgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan huquq-tartibot idorasi xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.