Toshkentdan Hindistonning Goa shtatiga parvozlar yoʻlga qoʻyiladi

    Aviaqatnov 27-oktyabrdan boshlanishi kutilmoqda. Parvozlar haftada 2 marta – yakshanba va chorshanba kunlari amalga oshiriladi.

    Oʻzbekistonning Dehlidagi elchixonasi va “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning 100 yaqin yetakchi sayyohlik agentliklari vakillari ishtirok etdi.

    Taqdimot marosimida mamlakatimizda soʻnggi yillarda hayotga tadbiq etilayotgan keng koʻlamli va izchil islohotlarning natijalari, jumladan, turizm tarmogʻida amalga oshirilayotgan ijobiy oʻzgarishlar, soha infratuzilmasini takomillashtirish, xalqaro va mahalliy sayyohlar uchun jozibador muhit yaratish, xizmat turlari sifatini yuksaltirishga qaratilgan saʼy-harakatlar haqida soʻzlab berildi.

    Sayyohlikning Oʻzbekistonga xos boʻlgan turlari, xususan, oilaviy tantanalar oʻtkazish, yoshlar, ekologiya, sport, togʻ va tibbiyot, kulinariya va oilaviy turizm yoʻnalishlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarga alohida eʼtibor qaratildi.

    Ishtirokchilar Toshkent-Goa-Toshkent yangi havo qatnovining yoʻlga qoʻyilayotgani oʻzaro turistik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi haqida yakdil fikr bildirdi. Parvozlar haftaning yakshanba va chorshanba kunlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

    Bugungi kunda Toshkentdan Dehli va Mumbay shaharlariga “Uzbekistan Airways” va “IndiGo” kompaniyalari tomonidan haftasiga 16 ta parvoz bajarilmoqda. Milliy aviatashuvchining yangi yoʻnalishni oʻzlashtirishi natijasida aviareyslar soni 18 taga yetadi. Oʻzbekistonni Hindistonning yirik shaharlari bilan havo qatnovi orqali bogʻlashga qaratilgan saʼy-harakatlar davom ettirilmoqda.

    Hindiston sayyohlik industriyasi vakillari taqdimot marosimida mamlakatimiz turizm salohiyati va madaniyati, xususan, oilaviy tantanalar va kulinariya turizmi, qishki va togʻ turizmi, MICE-turizm, boshqa koʻplab mavzulardagi savollariga javob oldi.