Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifini yoritishda ishtirok etgan jurnalist Aziza Qurbonova oʻzining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida xabar berdi.
Qayd etilishicha, Loyiha haqida kecha Fransiya tashqi ishlar vazirligida boʻlib oʻtgan idoraviy hujjatlar imzolash marosimida eʼlon qilingan.
Toshkentda tramvay liniyalarini Fransiyaning Alstom mashinasozlik kompaniyasi qurishi rejalashtirilgan.
Eslatib oʻtamiz, Toshkentda tramvay ilk bor 1912-yilda ishga tushgan boʻlib, shahar transport tizimida muhim oʻrin tutgan.
Mustaqillikdan keyin Toshkentda transport tizimida avtobus va metropolitenga eʼtibor kuchaydi. Avtomobillar soni koʻpaygani va shahar infratuzilmasi oʻzgargani sababli tramvay yoʻnalishlari qisqartirildi. 2016-yil 2-mayda Toshkent shahar hokimiyati tramvay tizimini toʻliq yopish haqida qaror qabul qildi.
Shavkat Mirziyoyev 2022-yilning fevralida Samarqand viloyatiga tashrifi davomida fuqarolar murojaati sabab tramvayni Toshkentga qaytarishni aytib oʻtgandi.
«Tramvayni Toshkentga ham qaytarmoqchimiz. Fuqarolardan bu borada koʻplab xatlar va murojaatlar kelyapti», degan edi Prezident.
Hozirda mavjud yagona tramvay tizimi Samarqandda boʻlib, ilk bor 2017-yilda qayta ishga tushirilgan.