Saida Mirziyoyeva Pusan shahrida o‘tkazilayotgan YUNЕSKO Umumjahon merosi qo‘mitasining 48-sessiyasida mamlakatimiz uchun juda muhim voqea ro‘y berganini ta’kidladi.
Toshkentning modernizm me’morchiligi obyektlari ushbu tashkilotning nufuzli Xalqaro ro‘yxatiga rasman kiritildi. Ta’kidlash joizki, so‘nggi 25 yilda O‘zbekiston tomonidan taqdim etilgan milliy nominatsiya ilk bor shunday yuksak maqomga sazovor bo‘ldi.
Bu faqatgina bir nechta binoning emas, zilziladan keyingi Toshkentning qayta bunyod etilishi bilan bog‘liq butun bir davrning e’tirofidir. O‘sha yillari poytaxtimiz zamonaviy arxitektura, Markaziy Osiyo an’analari va o‘ziga xos iqlim xususiyatlarini mujassam etgan butkul yangi va betakror qiyofa kasb etgan.
"O‘zbekistonning xalqaro maydondagi navbatdagi g‘alabasi – boy me’moriy merosimizni asrab-avaylash, kelajak avlodga bezavol yetkazish yo‘lidagi yana bir muhim qadam xayrli va bardavom bo‘lsin!", dedi Saida Mirziyoyeva.