Toshloq tumani sanoati rivojlangan hududga aylanadi

    Sanoat 11 Noyabr 2021 1337

    Fargʻona viloyat Toshloq tumanidagi Kelajak kichik sanoat zonasi hududida “Mng-Groups” MCHJ da armatura va temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilyapti.

    3,3 gektar maydonda barpo etilayotgan ushbu korxonaning dastlabki bosqichida tadbirkorning oʻz mablagʻlari hisobidan 18 milliard soʻm investitsiya yoʻnaltirilgan. Ikkinchi bosqichda korxonaga kiritiladigan sarmoya hajmi 40 milliard soʻmga yetkaziladi.

    Bu yerda yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi qurilishi ham jadal suratlarda davom etyapti. Tumanda paxta-toʻqimachilik klasteri tarkibiga kiruvchi ushbu yangi zavodning ishga tushirilishi joriy yil yakuniga qadar rejalashtirilgan. Qiymati 76 milliard soʻm boʻlgan yangi korxona loyihasiga 3,7 million dollar bank krediti jalb etilgan boʻlsa, qolgan mablagʻ korxonaning oʻz sarmoyasidir.

    Kichik sanoat zonasiga tashrif buyurgan Fargʻona viloyat hokimi shuningdek, ichimlik suvi, gaz, kanalizatsiya tarmoqlari hamda tomchilab sugʻorish tizimlari uchun plastmassa quvurlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Mega Polimer” korxonasining tantanali ochilish tadbirida ishtirok etdi.

    Umumiy maydoni 1,8 gektarni tashkil etadigan, 2 700 kvadrat metr ishlab chiqarish maydonida joylashgan ushbu korxona yillik 300 ming pogonometr turli oʻlchamdagi plastmassa quvurlar ishlab chiqarish quvvatiga ega. Loyiha qiymati 70,7 milliard soʻmni tashkil etadigan korxona, 20 milliard soʻm tadbirkorning oʻz sarmoyasi va 5 million dollar bank krediti hisobidan barpo etildi. Korxonada 70 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

    Kichik sanoat zonalaridagi loyihalarning borishi yuzasidan muhokama oʻtkazgan viloyat hokimi, har bir loyihaning oʻz muddatida va muvaffaqiyatli amalga oshishi negizida yangi ish oʻrinlari, aholi turmushi farovonligi, iqtisodiyotning rivojlanishi, qoʻshimcha soliqlar mavjudligini qayd etdi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.