Qayd etilishicha, sud muhokamalari ochiq tarzda o‘tmoqda va har bir jarayonda jurnalist hamda blogerlar ishtirok etmoqda. Bu esa sudda ochiqlik va shaffoflik ta’minlanayotganidan dalolat beradi. Media vakillariga yozma qaydlar olish, audioyozuv qilish hamda stenogramma yuritish uchun cheklovlar qo‘yilmagan.
Shu bilan birga, videotasvirga olishga ruxsat berilmagan. Bu qaror ish bo‘yicha taraflarning roziligi mavjud emasligi hamda sud jarayoniga ehtimoliy ijtimoiy bosim va boshqa ta’sirlarning oldini olish maqsadida qabul qilingan.
Sud matbuot xizmati ma’lum qilishicha, hozirga qadar jurnalist va blogerlar tomonidan sudda ishtirok etish bo‘yicha e’tiroz yoki shikoyat kelib tushmagan. Biroq ayrim axborot materiallarida aybsizlik prezumpsiyasi talablariга zid holatlar kuzatilmoqda.
Jumladan, hali huquqiy baho berilmagan dalillarni oshkor qilish, taraflarni suhbatga tortish, jabrlanuvchining roziligisiz shaxsiy ma’lumotlarini ochiqlash, audioyozuvlarni e’lon qilish holatlari uchramoqda.
Bu esa axborotning xolisligiga shubha uyg‘otishi, shuningdek, yakuniga yetmagan sud jarayoni bo‘yicha jamoatchilikda noto‘g‘ri xulosalar shakllanishiga olib kelishi mumkin.
Shu munosabat bilan Toshkent shahar sudi ommaviy axborot vositalari va blogerlarni ortiqcha tafsilotlardan tiyilishga hamda aybsizlik prezumpsiyasi tamoyiliga qat’iy rioya etishga chaqirdi.